Rahmon va Putin Rossiyadagi tojik migrantlari uchun yengillik berish hamda harbiy hamkorlik masalalarini muhokama qiladi

Sana: 17.04.2019 / 00:00 , Ko'rildi: 12
Rahmon va Putin Rossiyadagi tojik migrantlari uchun yengillik berish hamda harbiy hamkorlik masalalarini muhokama qiladi

Moskva va Dushanbe Rossiyada ishlash uchun Tojikistondan mehnat migrantlarini tashkiliy ravishda jo‘natish bo‘yicha kelishuv imzolaydi. Bu haqda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon ma'lum qildi.

"So‘nggi yillarda mehnat migratsiyasi masalasini hal qilish yo‘lida sezilarli ildamladik. Tashrif davomida bu sohada muhim hujjatlar, xususan, Rossiyada ishlash uchun Tojikistondan mehnat migrantlarini tashkiliy ravishda jo‘natish bo‘yicha kelishuv imzolanadi", - dedi Rahmon Moskvada davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.

Tojikiston prezidentining so‘zlariga ko‘ra, "e'tibor talab qilinadigan" mavzular bor.

"Ular – yashash uchun hisobga qo‘yish va mehnat patenti olish jarayonlarini soddalashtirish, mehnat migrantlari oila a'zolarining huquqiy maqomini aniqlash kabilardir ", - dedi Rahmon.

U shuningdek, Dushanbe tojikistonlik mehnat migrantlari uchun migratsiya amnistiyasining navbatdagi bosqichi o‘tkazilishiga umid qilayotganini bildirdi.

Ertaga, 17 aprel kuni Rahmon Putin bilan respublika mudofaa salohiyatini mustahkamlash va tojik-afg‘on chegarasini qo‘riqlash masalasini muhokama qilishni rejalashtirgan.

Rahmonning qayd etishicha, Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy vaziyat o‘ta keskinligicha qolmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu bois harbiy va harbiy-texnik hamkorlik alohida dolzarblik kasb etmoqda.

"Mudofaa salohiyatimizni mustahkamlash borasida rossiyalik sheriklarimizning kelgusidagi qo‘llab-quvvatlashlariga tayanamiz. Tojikiston qurolli kuchlarini modernizatsiya qilish, harbiy-texnik infrastrukturani kuchaytirish, tojik-afg‘on chegarasini qo‘riqlash dasturini yanada faollashtirishni ko‘zlamoqdamiz. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bu hamda hamkorlik va mudofaa sohasidagi boshqa masalalar haqida gaplashamiz", dedi Tojikiston prezidenti.

Emomali Rahmon 16 aprel kuni Moskvaga ikki kunlik rasmiy tashrif bilan keldi. Kreml matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, 17 aprel kuni Rossiya va Tojikiston prezidentlari ikki tomonlama hamkorlik va mintaqaviy muammolarni muhokama qilishadi.

Manba: kun.uz sayti

Comment:
Comment its empty!