Ravshan G‘ulomov Iqtisodiyot va sanoat vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi

Sana: 11.01.2019 / 23:29 , Ko'rildi: 40

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan Botir Asadillayevich Xo‘jayev Iqtisodiyot vaziri lavozimidan ozod etildi va yangi tashkil etilgan Iqtisodiyot va sanoat vaziri lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

Botir Xo‘jayev Foto: Xalqaro Press-klub

Botir Xo‘jayev 2006—2009 yillarda — O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri sifatida ishlagan. 2005–2006 yillarda O‘zbekiston Prezidentining ijtimoiy-iqtisodiy siyosat masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi, 2009—2011 yillarda — O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi, 2011 yil noyabrda Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi. U 2016 yil dekabrda Rustam Azimov o‘rniga Moliya vazirligiga rahbar etib o‘tkazilgan, 2017 yilning noyabridan buyon Iqtisodiyot vazirligini boshqarib kelayotgandi.

Foto: Ravshan G‘ulomov

Shuningdek, Ravshan Ayubovich G‘ulomov vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Ravshan Ayubovich G‘ulomov turli yillarda Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari (2001-2004), O‘zbekiston Milliy banki raisi birinchi o‘rinbosari va «Asaka» bank raisi (2004-2007), Moliya vaziri birinchi o‘rinbosari (2009-2010), Iqtisodiyot vaziri (2010-2012), Tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo va investitsiya vaziri birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori sifatida ishlagan. U 2017 yilning aprelidan 2018 yilning avgust oyigacha Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi bo‘lgan, keyingi vaqtlarda Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirish, moliya va bank tizimlarini isloh qilish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish masalalari yig‘ma axborot-tahlil departamentining mudiri sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi.

Biroz avvalroq O‘zbekiston prezidentning «Iqtisodiy rivojlanish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan Iqtisodiyot vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi etib qayta tashkil etilgani xabar qilingandi.

Manba: kun.uz sayti

Comment:
Comment its empty!