Loyiha boshqaruvi milliy agentligi faoliyati yanada takomillashtiriladi

Sana: 12.01.2019 / 20:03 , Ko'rildi: 40

O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmonda ko‘rsatilishicha, Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi hamda O‘zbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining:

a) O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKni “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK etib qayta nomlagan holda o‘tkazish;

b) O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga Agentlikning baholash faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va mulkni baholash standartlarini tasdiqlashni ta'minlash bo‘yicha vakolatlarini o‘tkazish;

v) O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga Agentlik va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Akkreditatsiya markazi” DUKning:

arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash;

qurilish loyihalarini ekspertizadan o‘tkazuvchi shaxslarni akkreditatsiya qilish bo‘yicha vakolatlarini o‘tkazish;

g) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga uni davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ etib belgilagan holda Agentlikning mazkur sohadagi vakolatlarini o‘tkazish;

d) O‘zbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligiga “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Akkreditatsiya markazi” DUKni “O‘zbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi huzuridagi Akkreditatsiya markazi” DUK etib qayta nomlagan holda o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

“O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK va “O‘zbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi huzuridagi Akkreditatsiya markazi” DUKning qonunchilikda nazarda tutilgan vakolatlari, taqdim etilgan imtiyoz va preferensiyalari, xodimlarining mehnatiga haq to‘lash miqdorlari, shuningdek, zarur hollarda yetishmayotgan qismini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablag‘lari hisobidan qoplagan holda moliyalashtirish tartibi saqlab qolindi.

Farmonda belgilanishicha, Agentlik va uning idoraviy mansub tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar, ular bilan bog‘liq hujjatlar

va davlat xaridlari sohasidagi kontraktlar, shu jumladan import kontraktlari “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda ekspertizadan o‘tkazilmaydi.

Hujjatga muvofiq, Agentlik ikki hafta muddatda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda O‘zbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligiga hujjatlar, shuningdek, markazlashtirilgan ma'lumotlar bazasi, avval berilgan akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomalari, kontraktlar, shu jumladan import kontraktlari, tender hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish va ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi ma'lumotlar hamda boshqa materiallarning topshirilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi markazlarni zarur aloqa vositalari, shu jumladan hukumat aloqa vositalari bilan, shuningdek, ularni yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulanishini belgilangan tartibda ta'minlash vazifasi topshirildi.

Agentlikning “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” DUKni uning asosiy vazifalari etib quyidagilarni belgilagan holda tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi:

dasturlarni amalga oshirishning kelgusidagi strategik yo‘nalishlari, yagona yondashuv, mexanizm va bosqichlarini ishlab chiqish;

dasturlar doirasidagi tadbirlarning amalga oshirilishini nazarda tutuvchi loyihalar, loyihaviy va texnik hujjatlar, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining kompleks ekspertizadan o‘tkazilishi

va kelishilishini ta'minlash;

loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish holatini tizimli monitoring qilish hamda dasturlar doirasida davlat organlari va tashkilotlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish samaradorligining reyting baholarini shakllantirish;

dasturlar doirasida loyihalarning samarali joriy etilishi va ishlashi uchun normativ-huquqiy bazani tahlil qilish va takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash.

Farmonga ko‘ra, shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq dasturlar doirasida:

a) loyihalar ijrochilarini tanlashda boshqa teng sharoitlar bo‘lgan hollarda Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazining rezidentlari ustunlikka ega bo‘ladi;

b) loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek, ularni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlarni normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalariga kiritish mazkur loyihalar elektron reyestrga majburiy ravishda kiritilgandan keyingina amalga oshiriladi, elektron reyestrni yuritish tartibi Agentlik tomonidan belgilanadi;

v) “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” DUK:

dasturlar doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi loyihalar, loyihaviy va texnik hujjatlarni kompleks ekspertizadan o‘tkazadi, natijasi bo‘yicha ularni amalga oshirishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi;

amalga oshirilayotgan loyihalarni monitoring qiladi va ularning samaradorligini baholaydi;

dasturlar maqsadlariga binoan loyihalarni muvofiqlashtirishni yaxshilash va samarali amalga oshirish uchun ularning parametrlariga tuzatish qilish bo‘yicha takliflar kiritadi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi quyidagilarni hisobga olgan holda tugatiladi:

davlat ulushini ko‘paytirish hisobiga uning ko‘chmas mulk va avtotransport vositalarini balans qiymati bo‘yicha “UZINFOCOM davlat axborot xizmatlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator” MChJga o‘tkazish;

“Elektron hukumat” tizimi hamda davlat axborot tizimlarining ishlash imkoniyatini ta'minlab turgan boshqa mol-mulk va aktivlar, tovar-moddiy boyliklar, axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar, apparat-dasturiy komplekslarni tegishli davlat organlari hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining tarkibiy bo‘linmalariga beg‘araz asosda o‘tkazish.

Manba: kun.uz sayti

Comment:
Comment its empty!