Namanganda nogironlarga uylar topshirildi

Sana: 18.11.2018 / 16:53 , Ko'rildi: 260

Namangan shahridagi «Yuksalish» mahallasida 7 qavatli 14ta turar-joy binosi foydalanishga topshirildi.

Ushbu uylardan 21 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaro va 6 nafar og‘ir vaziyatga tushib qolgan xotin-qizga xonadonlar ajratib berildi. 

588 xonadondan iborat mazkur binolar «Ijoz», «Muhammadsaid qurilish», «Sardorbek Arslonbek», «Yangiqo‘rg‘on qurilish-montaj» kabi 10ga yaqin korxona tomonidan qurib, bitkazilgan. 

«Bolalikdan 1-guruh nogironi bo‘lishimga qaramay, tikuvchilik bilan shug‘ullanaman, oilamizga ozmi-ko‘pmi, nafim tegadi. Singlim Naimaxonda ikkinchi guruh nogironligi bor, – deydi yangi xonadonlardan birining kaliti va sertifikati topshirilgan Feruza Murodillayeva. – Yoshim 34 ga chiqdi, shu paytgacha uyimiz yo‘q edi».

Bundan tashqari, Yoshlar ittifoqining 32 nafar a'zosiga uy kalitlari, nogironligi bor shaxslarga 30dan ortiq nogironlik aravachalari topshirilgan.

Viloyat hokimi Xayrulla Bozorov va shahar hokimi Shavkat Abdurazzoqov xonadonlarga kirib, nogironlari bor xonadonlarga Artel televizorlari sovg‘a qilishgan.

«O‘zshahar qurilish invest» injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida amalga oshirilgan loyihaga byudjyet va byudjyetdan tashqari mablag‘lar hisobidan 150 mlrd so‘m sarflangan.

Ayni paytda hududdagi yo‘llarni asfaltlash, umumta'lim maktabi, poliklinika va mahalla fuqarolar yig‘ini idorasini ta'mirlash ishlari davom etmoqda, 385 o‘rinli bolalar bog‘chasi qurilishi boshlangan.

Manba: kun.uz sayti

Comment:
Comment its empty!