Iqtisodiyot vazirligi qayta tashkil etildi
Sana: 11.01.2019 / 21:04 , Ko'rildi: 7
Iqtisodiyot vazirligi qayta tashkil etildi

10 yanvar kuni O‘zbekiston prezidentning «Iqtisodiy rivojlanish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Farmonga muvofiq, Iqtisodiyot vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi etib qayta tashkil etilgan.

Xususiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va «xufyona» iqtisodiyotni qisqartirish vazirlikning asosiy vazifasi etib belgilangan.

Shuningdek, vazirlik mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va industrial rivojlantirish sohasida davlat siyosatini, shuningdek investitsiya siyosatining strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.

Endilikda, barcha normativ-huquqiy hujjat loyihalarini Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishish hujjat Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun kiritishdan oldin amalga oshiriladi.

Kichik sanoat zonalari hududida qiymati 7 mln AQSh dollaridan yuqori bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qarorlar vazirlik bilan kelishiladi.

Vazirlik 2019 yil 1 iyungacha O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqadi.

Shuningdek, Farmon bilan Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tarkibida Xodimlarning malakasini oshirish o‘quv markazi tashkil etildi.

Kichik sanoat zonalari ishtirokchilari uchun imtiyoz va preferensiyalar amaldagi ishtirokchilar uchun 2020 yil 1 yanvargacha saqlab qolgan holda bekor qilindi.

Shuningdek, kichik sanoat zonalari ishtirokchilari uchun quyidagi huquqlar berildi:

bino va inshootlarga mulk huquqini rasmiylashtirish; investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni to‘liq bajargan taqdirda o‘zlariga berilgan binolar va inootlarni xususiylashtirish; rekonstruksiya qilish yoki kapital ta'mirlashni o‘z mablag‘idan amalga oshirgan taqdirda, binolar va inshootlarni xususiylashtirish.

Manba: kun.uz sayti

Comment:
Comment its empty!