Samarqandda tug‘ma nuqson bilan tug‘ilgan bolalar soni nega ko‘paygan?
Sana: 11.02.2019 / 17:50 , Ko'rildi: 8

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida sog‘liqni saqlash tizimidagi masalalar ko‘rib chiqildi, deb xabar bermoqda Qonunchilik palatasi sayti.

Qayd etilganidek, viloyatda aholini patronaj xizmatlari bilan to‘liq qamrab olish bo‘yicha ishlar talab darajasida tashkil etilmayotgan, aksariyat hollarda patronaj xizmati faqatgina tegishli xonadon vakillari bilan suhbatlashishdan iborat bo‘lib qolayotgani va natijada ayrim tumanlarda kasallikka chalinish holatlari ko‘paygan. Xususan, 2018 yilda viloyatda tug‘ma nuqsonlar bilan tug‘ilgan bolalar soni 141 nafarni tashkil etib, 2017 yilga nisbatan 15 nafarga yoki 10,6 foizga oshgan. Ayniqsa, 7 ta tuman va 2 ta shaharda bu ko‘rsatkich ko‘paygan.

Shu bilan birga, sessiyada viloyatda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami hamda statsionar davolash muassasalarining o‘zaro integratsiyasi lozim darajada ta'minlanmayotgani, ya'ni ayrim hududlarda tez yordam xizmatiga bo‘lgan chaqiruvlar haqidagi ma'lumotlar tegishli oilaviy poliklinika yoki qishloq vrachlik punktlariga o‘z vaqtida yetkazilmayotgani ham alohida ta'kidlab o‘tildi.

Oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari rahbarlarining o‘zlari xizmat ko‘rsatayotgan aholi vakillari oldida hisobot berishi hamda mahalliy Kengashlar sessiyalarida tegishli tibbiyot birlashmalari rahbarlarining hisobotini eshitish amaliyoti joriy etilgan edi. Biroq, 2018 yil davomida Samarqand viloyatidagi aksariyat oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari rahbarlari aholi oldida bir yoki ikki marotaba hisobot bergan bo‘lsa, ayrimlari esa, bu masalaga deyarli e'tibor qaratmagan. Shu bois, Oliy Majlis quyi palatasi deputatlari ko‘magida barcha shahar va tumanlarda bittadan oilaviy poliklinika yoki qishloq vrachlik punkti rahbarlarining o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi mahalla aholisi vakillari oldida hisobot berishi namunali tarzda tashkil etildi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari Respublika ishchi guruhining o‘rganishlari davomida aniqlangan kamchiliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillarni aniqlash hamda kelgusida yo‘l qo‘yilmasligi choralarini ko‘rish masalalarini muhokama qilishdi.

Manba: kun.uz sayti

Comment:
Comment its empty!