O‘zbekiston va Rossiya suv tozalash tizimlarini ishlab chiqaradi

Sana: 11.02.2019 / 19:05 , Ko'rildi: 24

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligida lazer texnologiyalari sohasida yetakchi ilmiy markazi hisoblangan va texnopark mavqeiga ega bo‘lgan M.F.Stelmax nomidagi “Polyus ITI” AJ vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Agentlik xabariga ko‘ra, uchrashuv doirasida tabiiy va texnika fanlari sohasida ilmiy tadqiqotlarning samaradorligini oshirish, fan va sanoat integratsiyalashuviga ko‘maklashish, ilmiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan ilmiy-texnikaviy hamkorlik va sheriklik to‘g‘risida Kelishuv ham imzolandi.

Uchrashuv “Ilg‘or hudud” pilot loyihasi doirasida Jizzax viloyatida “Suvni tayyorlash, saqlash va ta'minlash bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimlarning ishlab chiqarishini tashkil etish” loyihasini amalga oshirish maqsadida o‘tkazildi.

Loyiha markazlashgan suv ta'minotiga ega bo‘lmagan aholi punktlari uchun ichimlik suvining sifatini yaxshilashga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, loyiha konsepsiyasi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining turli quvvatga ega bo‘lgan suvni tayyerlash bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimlarni ishlab chiqarish rejalashtirilgan Jizzax viloyatiga tashriflari davomida taqdim etilgan edi.

Loyihaning umumiy qiymati 8 mln. AQSh dollari, 150 ish o‘rinlari yaratilishi kuzda tutilgan. Muhim tomoni – ishlab chiqarish O‘zbekistonda tashkil etilmoqda, va bu tayyer mahsulotni import qilishdan voz kechish va sarf-xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi.

Ma'lumot uchun: uskunalar texnik ko‘rsatkichlari sutkasiga bir insonga 250 litr suv normasidan kelib chiqqan holda 8 dan 4800 nafar odamgacha tozalangan suv bilan ta'minlash imkonini beradi. Ichish va ovqat tayyerlash uchun – 20000 odamgacha, bu esa alohida xonadon ham sanoat obekti uchun yetarlidir.

Uskunalarni ochiq suv havzalari, quduqlardagi suvlarni bakteriya, virus, tuz, metall, organik moddalar va boshqa zararli elementlardan tozalash, tozalangan suvni saqlash va iste'molchilar tizimiga bosim bilan toza suvni yuborishdagi innovatsion yondashuv ajratib turadi. Tizim elektrenergiyani minimal darajada sarflaydi, suv sifatini masofadan turib nazorat qilish imkonini beradi va reagentlarni talab qilmaydi. Shu sababli, tozalangan suvning tan narxi shu kabi oddiy uskunalardan ko‘ra ancha pastroq.

Mazkur innovatsion loyihani amalga oshirish mexanizmi sifatida “Raqamli ishonch” raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va M.F.Stelmax nomidagi “Polyus ITI” AJ ishtirokida qo‘shma korxona tashkil etilishi nazarda tutilmoqda. Rossiya kompaniyasi tomonidan, shu jumladan, intellektual mulkga bo‘lgan huquqlar, ishlab chiqarish texnologiyalari topshiriladi va mahalliy mutaxassislar uchun o‘quv mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.

Manba: kun.uz sayti

Comment:
Comment its empty!