Prezident qarori: 1 apreldan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatiga oid yangi tartib o‘rnatiladi

Sana: 11.02.2019 / 19:43 , Ko'rildi: 31

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatining eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan 2019 yil 1 apreldan boshlab shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

a) 2019-2021 yillarda ishlab chiqaradigan tayyor mahsulotining kamida 80 foizini eksport qiladigan tikuv-trikotaj korxonalariga tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foizlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi tartibda qoplanadi;

aylanma mablag‘larni to‘ldirish maqsadida tijorat banklari tomonidan milliy valutada berilgan kreditlar bo‘yicha belgilangan foiz stavkasining 25 foizi miqdorida (tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun, ip-kalava, trikotaj mato, ip gazlama va boshqalar xarid qilish) ammo, 5 foizli punktdan yuqori bo‘lmagan;

ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish maqsadida (bino, asbob-uskunalarni sotib olish) xorijiy valutada tijorat banklari tomonidan beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining 50 foizi miqdorida;

b) nol stavkasini qo‘llagan holda vujudga kelgan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar to‘liq taqdim etilgan kundan e'tiboran 7 ish kuni davomida soliq to‘lovchiga qaytariladi. Bunda, davlat soliq organlarida mavjud bo‘lgan ma'lumotlar, shu jumladan, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar hamda qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha taqqoslash dalolatnomasi taqdim etilishi tartibi bekor qilinadi; 

v) birja savdolari orqali paxta tolasini sotib olishda qat'iy talab qilinadigan bank kafolatlari bekor qilinadi. Bunda, taraflar o‘rtasida majburiyatlar bajarilishini ta'minlash tartibi shartnoma asosida belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019-2021 yillar davomida belgilangan tartibda tikuv-trikotaj korxonalariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat  jamg‘armasiga tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar foizlarini qoplash uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni ajratadi.

Manba: kun.uz sayti

Comment:
Comment its empty!