O‘zbekiston hududiga tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini noqonuniy import qilishga qarshi kurash kuchaytiriladi
Sana: 11.02.2019 / 21:38 , Ko'rildi: 4
O‘zbekiston hududiga tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini noqonuniy import qilishga qarshi kurash kuchaytiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatining eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda:

Respublikada yiliga kamida bir marotaba  to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining to‘qimachilik va moda industriyasi Xalqaro ko‘rgazmalari o‘tkazishni jahon amaliyotiga kiritish bo‘yicha choralar ko‘radi;    Yevropa ittifoqi, Turkiya, Koreya, Xitoy va boshqa mamlakatlar bilan ishlab chiqilayotgan kelishuvlarga bojxona to‘lovlarini kamaytirish va milliy to‘qimachilik mahsulotlariga nisbatan soddalashtirilgan va tarifsiz tarzda tartibga solish masalalarini kiritadi.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarining yagona axborot portali ishlab chiqish hamda ishga tushirishni ta'minlaydi.

“O‘zstandart” agentligi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda:

2019 yilning 15 fevralga qadar belgilangan tartibda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish, standartlashtirish sohasida amaldagi  hujjatlarni  xalqaro me'yorlarga mosligi bo‘yicha xatlovdan o‘tkazish;

2019 yil 1 martga qadar to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati mahsulotlari uchun belgilangan xalqaro standartlar va sinovdan o‘tkazish metodlarini belgilab, ularni bosqichma-bosqich qabul qilish jadvalini tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor tashkilotlar va tijorat banklari bilan birgalikda ikki oy muddatda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarining amaldagi eksport shartnomalari garovi evaziga o‘z mahsulotlarini eksportoldi moliyalashtirish mexanizmini tatbiq etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Respublika hududiga tayyor to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarni noqonuniy import qilishga qarshi kurashishni kuchaytirish  bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tasdiqlaydi.

Manba: kun.uz sayti

Comment:
Comment its empty!