BMTda IShIDning moliyaviy zaxiralari haqida ma'lum qilindi 

Sana: 11.02.2019 / 22:36 , Ko'rildi: 29

Turli ma'lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda IShID terrorchilik guruhining moliyaviy zaxiralari 50 mlndan 300 mln dollargachani tashkil qiladi. Bu haqda BMT Xavfsizlik kengashida BMT bosh kotibi o‘rinbosari, aksilterrorchilik boshqarmasi boshlig‘i Vladimir Voronkov ma'lum qildi.      

Voronkovning ta'kidlashicha, IShIDning Suriya va Iroqdagi 14-18 ming jangarisidan 3 mingga yaqini xorijliklar hisoblanadi. 

BMT vakilining aytishicha, IShID xavfi Yaqin Sharq, Afrikadan tortib Yevropa, Markaziy va Janubiy Osiyo hamda Janubi-Sharqiy Osiyogacha dunyoning turli burchaklarida mavjud. 

BMT bosh kotibining bu mavzuga bag‘ishlangan navbatdagi hisobotida IShID o‘z nazoratidagi hududlarni boy bergandan keyin ba'zi daromad manbalaridan mahrum bo‘lgan bo‘lsa-da, majburiyatlari ham kamaygani va shu sababli operatsiyalarni davom ettirishi mumkinligi ta'kidlab o‘tilgan. 

Voronkovning ta'kidlashicha, IShID butun dunyo bo‘ylab teraktlar amalga oshirishga tayyorlanishni davom ettirmoqda.

“IShID yashirincha harakat qilishga o‘tganiga qaramay, uning markaziy rahbariyati o‘z ta'sirini va xalqaro ko‘lamdagi hujumlarni amalga oshirish istagini saqlab qolgan va shu yo‘l bilan butun guruhni ilgari surishda muhim rol o‘ynamoqda”, deb aytgan Voronkov.

Uning aytishicha, IShID joylarda barqarorlikning istalgan shakliga putur yetkazish istagida mahalliy darajada harakat qiluvchi yashirin tarmoqqa aylanmoqda.

“Bu esa ixtilof hududini tark etayotgan, yoki unga qaytayotgan, yoxud turmalardan chiqmoqchi bo‘layotgan xorijiy jangarilar mavjudligi bilan yanada chuqurlashmoqda. Bu ma'noda turmalardagi radikallashuvga Yevropa va Iroqda o‘ziga xos muammo sifatida qaralmoqda”, deb qo‘shimcha qilgan Voronkov.

Manba: kun.uz sayti

Comment:
Comment its empty!