Olimlar hasharotlar qirilishidan ogohlantirishmoqda

Sana: 12.02.2019 / 00:29 , Ko'rildi: 24

Olimlar kelgusi yuz yillik davomida hasharotlar qirilib ketishi mumkinligidan ogohlantirishmoqda. Ulardan keyin hasharot bilan oziqlanuvchi jonivorlar va ular bilan changlanuvchi o‘simliklar ham yo‘q bo‘lishi mumkin. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun tadqiqotchilar qishloq xo‘jaligini yuritish tizimini qayta ko‘rib chiqishni maslahat berishmoqda - aynan shu sabab hasharotlar yashash joylarini yo‘qotib, pestitsidlardan halok bo‘lishmoqda. Biological Conservation shu haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi. 

Kelgusi o‘n yilliklarda hasharotlarning deyarli yarmi yo‘qolishi mumkin. Kapalaklar, asalarilar va qo‘ng‘izlar eng ko‘p jabr ko‘radigan hasharotlar bo‘lishi kutilmoqda, deya ogohlantirishmoqda Sidney universiteti va Xitoy qishloq xo‘jalik fanlari akademiyasi olimlari. Asosiy sabab - yashash joyining yo‘qolishi. 

"Buning natijasi fojiali bo‘ladi, zero hasharotlar dunyodagi ko‘p ekotizimlarning asosi hisoblanadi", - deya ta'kidlashmoqda tadqiqotchilar. 

Ular turli mamlakatlardagi hasharotlarning qisqarishiga doir olib borilgan 73 tadqiqotni tahlil qilib chiqishdi. Ma'lum bo‘lishicha, sayyoradagi hasharotlarning umumiy massasi yiliga 2,5 foizga kamayayotgan ekan, bu esa ularning keyingi yuz yillikda yo‘q bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Olimlarning izohiga ko‘ra, intensiv qishloq xo‘jaligiga o‘tish hasharotlarning yashash joyini yo‘qotishiga sabab bo‘lmoqda. Ular shuningdek hasharotlar yo‘q bo‘lishining boshqa sabablarini ham keltirishmoqda - sintetik pestitsidlar va o‘g‘itlardan ifloslanish, biologik omillar (patogenlar ta'siri, begona turlar tomonidan yo‘q qilinishi yoki almashishi) va iqlim o‘zgarishi. Iqlim o‘zgarishi ayniqsa tropik mintaqalarda muhim ahamiyatga ega. Shunday bo‘lsa-da, hasharotlarning qirilishiga asosiy sabab sifatida qishloq xo‘jaligi etib ko‘rsatilmoqda.

"Agar biz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish usullarimizni o‘zgartirmasak, hasharotlar bir necha o‘n yilliklardan keyin deyarli yo‘q bo‘lib ketadi. Buning natijasida esa ekotizimlar fojiali tus oladi", - deya ogohlantirishmoqda hisobot mualliflari.

Hasharotlarning yo‘qolishi zanjirli reaksiyaga olib keladi - ko‘plab qushlar, sudralib yurvuchilar, yer yuzi va suvda yashovchi jonivorlar ochlikdan halok bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligi ham zarar ko‘radi.

Bu tadqiqot - oldinga tashlangan katta qadamdir, deb hisoblaydi ekolog Jorjina Meys. Biroq u asosiy ma'lumotlar AQSh va Yevropadan olinganiga e'tiborni qaratmoqda, Janubiy Amerika yoki Afrika haqida esa ma'lumot deyarli yo‘q va bu mintaqalardagi vaziyatni baholash qiyin. U yerlarda vaziyat bundan-da murakkab bo‘lishi mumkin.

Manba: kun.uz sayti

Comment:
Comment its empty!